RSS обуна
Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻlimi tomonidan 2022-yil 1-choragida vazirlik tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha quyidagi ishlar amalga oshirildi:
I. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha adliya organlari va muassasalarining faoliyatini takomillashtirish sohasida:
– tibbiyot muassasalari tomonidan oʻlim haqida tibbiy guvohnoma berish tartibi bekor qilinib, faqat elektron tizim orqali oʻlim haqida tibbiy maʼlumotnoma shakllantirish tartibi joriy etildi;
– tovar va boshqa moddiy boyliklarni kirim qilish elektron tizimi joriy qilindi.
II. Adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish sohasida:
1. Adliya vazirligi tizimidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash natijalarini umumlashtirish natijasida 58 ta (31 ta yuqori, 27 ta oʻrta darajadagi) korrupsiyaviy xavf-xatarlar aniqlangan.
Mazkur aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish boʻyicha 2021-yil 9-avgustda adliya vaziri tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2021-2022-yillarga moʻljallangan 54 ta banddan iborat dastur tasdiqlandi.
Mazkur dasturda belgilangan vazifalar yuzasidan 2022-yil 1 chorakda ayrim adliya muassasalarida ishga qabul qilish jarayonlari elektronlashtirildi, malaka oshirishda oʻquvchilarning elektron davomat tizimi yoʻlga qoʻyildi, davlat xizmatlaridan onlayn foydalanish imkoniyati va imtiyozlari toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqlar orqali 4 ta videoqoʻllanma tayyorlanib jamoatchilikka yetkazilgan va boshqalar.
2. Adliya vazirligiga 2022-yil 1-choragida davomida aloqa kanallari orqali adliya organlari va muassasalari xodimlarining nojoʻya xatti-harakatlari yuzasidan jami 30 ta murojaat va xabarlar kelib tushgan.
Shundan, “antikorbot” telegram kanali orqali adliya organlari va muassasalari xodimlarining nojoʻya xatti-harakatlarigi oid jami 25 ta xabarlar hisoblanadi.
Mazkur murojaatlar va xabarlarni oʻrganib chiqish natijasida
1 nafar xodim bilan mehnat shartnomalari bekor qilindi, 6 nafar xodimlarga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qoʻllanildi. Shuningdek, 27 ta xodim bilan profilaktik suhbat oʻtkazildi.
Adliya organlari va muassasalari tomonidan 2022-yilning 1-choragida jami 19 mingdan ortiq targʻibot tadbirlari amalga oshirilgan.
III. Adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining samarali ishlashini taʼminlash va nazorat qilish sohasida:
Boʻlim tomonidan 2022-yil 1-choragida 3 ta adliya organlari va muassasalarida komplayens tekshiruvlari oʻtkazildi. Komplayens tekshiruvi natijalariga koʻra, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi.
Boʻlim tomonidan davlat xizmatlari markazlari xodimlarining korrputsiyaga qarshi kurashish boʻyicha koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan oʻquv materiallar ishlab chiqilib, davlat xizmatlari markazi xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan oʻqitish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
IV. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi va ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorlikni olib borish sohasida:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2021-yil 6-iyuldagi PQ–5177-son qaroriga asosan 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlariga amaliy koʻmak berib kelinmoqda.