Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 12.01.2024



09:34:13 (GMT +5), Чр, 8 Мая 2024

Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza va himoya qilish jarayonlarida zamonaviy tendensiyalar

Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza va himoya qilish jarayonlarida zamonaviy tendensiyalar


Bugun Adliya vazirligi Intellektual mulk departamentida “Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza va himoya qilish jarayonlarini zamonaviy tendensiyalar orqali takomillashtirish” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani hamda press-tur tashkil etildi.

Dastlab mehmonlar departament ish faoliyati, talabnomalarni qabul qilish, intellektual mulk obyektlari uchun patent va guvohnomalar berishgacha boʻlgan ekspertiza tartibi bilan tanishdilar. Soʻngra Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish boʻlimlari, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashuvchi boʻlim ish faoliyatidan xabardor etildi.

Matbuot anjumanida 2022-yilda iqtisodiyot tarmoqlariga intellektual faoliyat natijalari va innovatsiyalarni joriy etish mexanizmlari, kontrafakt mahsulotlar va asarlar realizatsiyasining oldini olish hamda intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida hisobot berildi.

Xususan, 2022–2026-yillarda O‘zbekistonda intellektual mulk sohasini rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Unda 2022–2023-yillarda amalga oshirish bo‘yicha 38 ta tadbirni nazarda tutuvchi Yo‘l xaritasi tasdiqlangan. Yoʻl xaritasiga muvofiq “Faol muallif” reyestri ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Mazkur reyestrda mualliflik huquqi obyektlari va turdosh huquqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar haqidagi ma’lumotlar kiritilishi belgilangan.

Shuningdek, “IP Protection” axborot portali ishlab chiqildi. Ushbu portal orqali intellektual mulk huquqlarini buzgan holda ishlab chiqarilayotgan, sotilayotgan va tarqatilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi, sotuvchi va tarqatuvchilarga huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda idoralararo axborot almashinuvi amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Darhaqiqat, vazirlik tomonidan intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni ta’sirchan huquqiy mexanizmlar bilan himoya qilish bo‘yicha sezilarli darajada oʻzgarishlar amalga oshirilgan.

Xususan, respublika miqyosida o‘tkazilgan “Kontrafaktsiz oy” oyligi davomida 2021-2022-yillarda 3000 xildagi kontrafakt mahsulotlar realizatsiyasi aniqlangan. Mazkur huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha 137 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi, tegishli tashkilotlarga 600 ta ogohnoma va 180 ta taqdimnoma kiritilgan.

Mas’ullar tomonidan ishtirokchilarga Intellekutal mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish holatlari yuzasidan 2022-yil davomida qo‘llanilgan ta’sir choralar, xususan, profilaktika kuzatuv tadbirlari hamda murojaatlar asosida aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 823 ta holatda qonun hujjatlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ogohnomalar, 779 ta holatda qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida taqdimnomalar, 138 ta holatda ma’muriy huquqbuzalik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirilib, shundan 117 ta shaxsga nisbatan jami 124 mln so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangani haqidagi aniq raqamlar taqdim etildi.

Ma’lumot uchun, soha bo‘yicha huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan jazo choralari ham zamon talablariga mos ravishda qayta ko‘rib chiqilgan. Xususan, intellektual mulk obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun yuridik shaxslarning korporativ javobgarligi belgilandi. Yuridik shaxslar intellektual mulk sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha jarimaga tortilishi belgilandi.

Yigʻilishda intellektual mulk himoyasi bilan bog‘liq vazifalar tegishli davlat organlarining axborot xizmati xodimlari o‘z faoliyatlari davomida intellektual mulk bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni muntazam ravishda OAV va ijtimoiy tarmoqalar orqali yoritib borish lozimligi ta’kidlandi.

Anjuman yakunida mas’ullar vazirlik tomonidan intellektual mulk sohasi bo‘yicha xalqaro va milliy ekspertlar muloqot maydonini yaratish maqsadida 2023-yilning may oyida “XXI asrda intellektual mulk” mavzusida xalqaro forumi o‘tkazilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildilar.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi