Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 12.01.2024



05:36:29 (GMT +5), Дш, 6 Мая 2024

O‘zbekistonda mediatsiyani takomillashtirishning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot

Аҳамият беринг

O‘zbekistonda mediatsiyani takomillashtirishning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot


Joriy yilning 20-dekabrda Adliya vazirligi va AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) hamkorligida “O‘zbekistonda mediatsiyani takomillashtirishning dolzarb masalalari: nazariya va amaliyot” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatida turli manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, mediatorlar bevosita, shuningdek, onlayn shaklda ishtirok etdi.

Maʼlumki, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi Oʼzbekiston Respublikasining Qonuni 2018-yil 3-iyulda qabul qilinib, 2019-yil 1-yanvardan kuchga kirdi. Sanoqli kunlardan keyin ushbu Qonun amalga kirganiga 3 yil boʼladi.

Oʼtgan davr mobaynida jamiyatimizda mediatsiyani yanada ommalashtirish va keng qoʼllash maqsadida qonunchilik hujjatlarida mediatsiyani sudgacha, sudda va ijro bosqichlarida qoʼllash mumkinligi, sudlarda mediativ kelishuv tuzilganda, davlat boji qaytarib berilishi kabi imtiyozli normalar belgilandi.

Hozirda respublikamizda 950 dan ortiq shaxslar Professional mediatorlar reestriga kiritilgan boʼlib, bu koʼrsatkich yildan-yilga ortib bormoqda.

Oʼzbekiston huquq tizimining eng muhim institutlaridan biriga aylanayotgan mediatsiya ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan chetda qola olmaydi. Soʼnggi yillarda sud-huquq islohotlari natijasida mediatsiya sohasida huquqni qoʼllash amaliyotida bir qancha muammolar mavjudligi kuzatildi.

Tadbirda sudlar faoliyatida mediatsiya taomilini qo‘llashning o‘ziga xos jihatlari, O‘zbekistonda mediatorlarni tayyorlashning dolzarb masalalari, advokatlar tomonidan mediatorlik faoliyatini olib borishdagi ayrim muammolar, notariuslar faoliyatida mediativ kelishuvning o‘ziga xos jihatlari, mediator faoliyatini tashkil etishning tashkiliy-huquqiy jihatlari kabi masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, tadbirda Buyuk Britaniya advokati, mediator va arbitr Jamsheed Peeroo ham ishtirok etib, u Buyuk Britaniyada mediatsiya va nizolarni hal qilishning usullari hamda mediatorlar tomonidan mediatsiya jarayoni amalga oshirilayotganda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi haqida ma’lumotlar berdi.

O‘z navbatida, tadbirda ishtirok etgan mediatorlar so‘zga chiqib, mediatsiya xususida o‘z fikr-mulohazalarini hamda taklif va tavsiyalarini bildirdi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan kun tartibidagi masalalar muhokama qilindi, bahs-munozaralar davomida tomonlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar bo‘yicha ma’lumotlar olishdi.

Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi