Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 12.01.2024



11:30:08 (GMT +5), Яш, 19 Мая 2024

Muallif vafoti uning mualliflik huquqi tugashini anglatmaydi

Muallif vafoti uning mualliflik huquqi tugashini anglatmaydi


Ma’lumki, mamlakatimizda mualliflik huquqlarini tartibga soluvchi tegishli qonunga muvofiq muallifning mulkiy huquqlari meros bo‘lib o‘tadi va merosxo‘rlar mualliflarning huquqlarni himoya qilishga haqli hisoblanadi.

Xususan, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning merosxo‘ri F.Xoshimov muallifning asarlariga bo‘lgan mulkiy huquqlarini himoya qilish maqsadida adliya organlariga murojaat qildi.

O‘z navbatida adliya organlari tomonidan O‘.Hoshimov asarlaridan merosxo‘rning ruxsatisiz hamda tegishli tartibda shartnoma tuzmasdan foydalangan “Z.K.” nomli nashriyotning mansabdor shaxsiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Mamuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177(1)-moddasi bilan mamuriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi va tegishli sud tomonidan jarima jazosini tayinlandi.

Bundan tashqari qonunchilikda muallif asaridan ruxsatsiz foydalanish natijasida yetkazilgan zarar qoplanishi o‘rniga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan ming baravarigacha tovon to‘lanishi belgilangan.

Shunga muvofiq davogar F.Xoshimov Toshkent shahar Shayxontohur tumanlararo sudiga mualliflik huquqlari buzilgani uchun tovon puli va ma’naviy zarar undirish haqidagi da’vo arizasini kiritgan. Natijada sud davogar F.Xoshimov foydasiga “Z.K.” nomli nashriyotning mansabdor shaxsiga nisbatan 12 million 500 ming so‘m miqdorda tovon puli to‘lash lozimligi haqida qaror qabul qilgan.

Yuqoridagi holatga oʻxshash mualliflik huquqlarining buzilishi oqibatida sud tomonidan davogar hisobiga tovon puli toʻlash lozimligi haqida bir necha qarorlar chiqarilgan. Xususan, Fargʻonalik shoirning mualliflik huquqlarini buzgan xonanda Mirodil Hakimov tomonidan ham 50 million so‘m miqdorida ma’naviy zarar hamda bazaviy hisoblash miqdorining 300 barobar miqdorida (90 million so‘m) tovon puli undirish belgilangan.

Xuddi shu kabi holat mualliflarning huquqlarini homoya qiluvchi jamoat birlashmasi murojaatiga asosan xonandalar J. Ahmadaliyev va H. Sobirovlarning qo‘shiqlari ularning ruxsatisiz, hech qanday shartnoma tuzmagan holda foydalanilganligi tufayli sud tomonidan huquqbuzarga nisbatan 60 million so‘m miqdorida tovon puli undirish haqida qaror chiqarilgan.

Shuni ta’kidlash lozimki, merosxo‘r F.Xoshimov muallifligidagi asarlariga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish hamda huquqbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida Toshkent shahri, Toshkent va Xorazm viloyatlarida yozuvchi O‘.Hoshimov asarlarining kontrafakt nusxalarini sotayotgan shaxslarga nisbat tegishli taqdimnomalar kiritildi.

Shuningdek, kelgusida bunday huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan holda kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarida profilaktika suhbatlar o‘tkazilib, mualliflik huquqlariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.