Ўзб Рус Eng
Охирги янгиланиш : 12.01.2024



20:21:11 (GMT +5), Шб, 21 дек 2024

Шахсий қабул

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi rahbariyati tomonidan

jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish

J A D V A L I

LAVOZIMI

F.I.Sh.

QABUL KUNI

QABUL VAQTI

Adliya vaziri

Tashkulov Akbar Djurabayevich

juma

15:00 dan 17:00 gacha

Adliya vaziri oʻrinbosari

Meliyev Xudayor Xurramovich

dushanba*

15:00 dan 17:00 gacha

Adliya vaziri oʻrinbosari

Muhammadiyev Aktam Zayniddinovich

seshanba

15:00 dan 17:00 gacha

Adliya vaziri oʻrinbosari

Karimov Alisher Nishanovich

chorshanba

15:00 dan 17:00 gacha

Adliya vaziri oʻrinbosari

Abdusattarov To‘lqin Sayfullayevich

chorshanba**

15:00 dan 17:00 gacha

Adliya vaziri oʻrinbosari

Ikramov Muzraf Mubarakxodjayevich

payshanba

15:00 dan 17:00 gacha

         

Izoh: Rahbariyatdan biri boshqa ishga oʻtganda ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan rahbar zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatiladi.

*Adliya vaziri oʻrinbosari Meliyev Xudayor Xurramovich tomonidan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabul kuni Mirobod tumani, A.Temur shox ko‘chasi, 16A-uyda qabul qilinadi.

** Adliya vaziri oʻrinbosari Abdusattarov To‘lqin Sayfullayevich tomonidan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabul kuni Shayhontoxur tumani, Xadra ko‘chasi, 33-uyda qabul qilinadi






Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining ishonch telefoni "1008" 


«Ишонч телефони»

“Ishonch telefoni” orqali tushayotgan murojaatlar dushanba kunidan juma kunigacha (juma kuni ham) (bayram kunlaridan tashqari) soat 09.00 dan 13.00 gacha va 14.00 dan 18.00 gacha adliya organlarining masʼul xodimlari tomonidan qabul qilinadi.

Takliflar adliya organlari tomonidan ular tushgan kundan boshlab bir oygacha muddatda koʻrib chiqiladi, qoʻshimcha oʻrganish talab qilinadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklif kiritgan shaxsga oʻn kun muddatda maʼlum qilinadi.

Arizalar va shikoyatlar adliya organlari tomonidan tushgan kundan boshlab bir oygacha muddatda koʻrib chiqiladi, qoʻshimcha oʻrganish va tekshirishni talab qilmaydigan arizalar va shikoyatlar esa — oʻn besh kundan kechikmay koʻrib chiqiladi.

Arizalar yoki shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun qoʻshimcha tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni talab qilish yoxud boshqa choralarni koʻrish zarur boʻlgan hollarda arizalar yoki shikoyatlarni koʻrib chiqish muddatlari adliya organi rahbari tomonidan istisno tariqasida, biroq bu haqda ariza bergan yoki shikoyat qilgan shaxsga xabar qilingan holda bir oydan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytirilishi mumkin. 




Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga (keyingi oʻrinlarda Qonun deb ataladi) muvofiq Oʻzbekiston RespublikasiAdliya vazirligi markaziy apparati, adliya organlari va muassasalarida(keyingi oʻrinlarda adliya organlari deb ataladi) jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari (keyingi oʻrinlarda murojaat deb ataladi) bilan ishlash tartibini belgilaydi.

2. Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarning jismoniy va yuridik shaxslari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar adliya organlariga murojaat qilish huquqiga ega.

3. Ushbu Nizomning amal qilishi:

koʻrib chiqish tartibi maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi, fuqarolik protsessual, jinoyat-protsessual, jinoyat-ijroiya, xoʻjalik protsessual qonun hujjatlari va boshqa qonunlar bilan belgilangan murojaatlarga;

adliya organlarining davlat organlari va davlat muassasalari bilan (keyingi oʻrinlarda davlat organlari deb yuritiladi), shuningdek ularning tarkibiy boʻlinmalarini oʻzaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

ariza – huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni amalga oshirishda yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi iltimos bayon etilgan murojaat;

taklif – davlat va jamiyat faoliyatini takomillashtirishga doir tavsiyalarni oʻz ichiga olgan murojaat;

shikoyat – buzilgan huquqlarni, erkinliklarni tiklash va qonuniy manfaatlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi talab bayon etilgan murojaat;

anonim murojaat – jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilmagan yoxud ular haqida yolgʻon maʼlumotlar koʻrsatilgan, shuningdek imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaat;

murojaatning dublikati – aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsning murojaati nusxasi;

takroriy murojaat – avvalgi murojaatlar boʻyicha qabul qilingan qaror yuzasidan shikoyat qilingan yoki boshqacha tarzda norozilik bildirilgan, shuningdek, agar takroriy murojaat kelib tushgan paytda koʻrib chiqishning qonun hujjatlarida belgilangan muddati tugagan boʻlsa, avvalgi murojaat oʻz vaqtida koʻrib chiqilmaganligi haqida xabar qilingan, aynan bir jismoniy yoki yuridik shaxsdan kelib tushgan murojaat;

elektron murojaat – elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan elektron hujjat shaklidagi murojaat.

5. Murojaatlar ogʻzaki yoki yozma yoxud elektron shaklda berilishi mumkin.

Adliya organlarining “ishonch telefoni”ga kelib tushgan murojaatlar ogʻzaki murojaat sifatida mazkur Nizomda belgilangan tartibda qayd etiladi, roʻyxatga olinadi va koʻrib chiqiladi.

Adliya organlarining rasmiy veb-sayti orqali yoki adliya organlarining rasmiy elektron pochta manziliga kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi va ushbu Nizomda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (Hukumat portali) orqali kelib tushgan murojaatlar elektron murojaatlar tarzida qayd etiladi hamda Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrdagi 378-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali toʻgʻrisidagi nizom va adliya organlarining Hukumat portali orqali kelib tushgan murojaatlar bilan ishlashga oid direktiv hujjatlari talablari hisobga olingan holda ushbu Nizomda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.

6. Murojaatlar arizalar, takliflar va shikoyatlar tarzida boʻlishi mumkin.

Jismoniy va yuridik shaxslar yakka tartibda yoki jamoa boʻlib murojaat etishlari mumkin.

7. Murojaatlar davlat tilida va boshqa tillarda berilishi mumkin.

8. Jismoniy shaxsning murojaatida uning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va murojaatning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak.

Yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan joyi (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan va murojaatning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak.

Yozma murojaat murojaat qiluvchi jismoniy shaxsning imzosi yoki murojaat qiluvchi yuridik shaxs rahbarining yoxud vakolatli shaxsining imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim. Jismoniy shaxsning yozma murojaatini murojaat qiluvchining imzosi bilan tasdiqlash imkoni boʻlmagan taqdirda, bu murojaat uni yozib bergan shaxsning imzosi bilan tasdiqlanib, uning familiyasi (ismi, otasining ismi) ham qoʻshimcha ravishda yozib qoʻyilishi kerak.

Elektron murojaat elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan va elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkoniyatini beradigan boshqa rekvizitlariga ega boʻlgan elektron hujjat shaklida boʻlishi lozim. Elektron murojaat qonunda belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi kerak.

Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlarga ularning vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

9. Murojaatlarni berish muddatlari, qoidaga koʻra, belgilanmaydi. Ayrim hollarda, agar adliya organlarining murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha imkoniyatlariga, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini oʻz vaqtida amalga oshirish va himoya qilishni taʼminlash zaruratiga bogʻliq boʻlsa, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslarga koʻra, adliya organlariga murojaatni berish muddati belgilanishi mumkin.

Boʻysunuv tartibida yuqori organga ariza yoki shikoyat jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzuvchi harakat (harakatsizlik) sodir etilganligi yoxud qaror qabul qilinganligi maʼlum boʻlgan paytdan eʼtiboran uzogʻi bilan bir yildan kechiktirmay beriladi.

Ariza yoki shikoyat berishning uzrli sabablarga koʻra oʻtkazib yuborilgan muddati arizani yoki shikoyatni koʻrib chiquvchi adliya organi tomonidan tiklanadi.

10. Adliya organlarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxemaga binoan amalga oshiriladi.

11. Adliya organlari ushbu Nizom talablariga muvofiq murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy qilishi mumkin.

II. Murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi

12. Adliya organlarida murojaatlarni qabul qilish, roʻyxatga olish va koʻrib chiqish uchun yuborish, shuningdek uning koʻrib chiqilishini nazorat qilish adliya organlarining murojaatlar bilan ishlash uchun masʼul boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi yoki masʼul xodimi (keyingi oʻrinlarda murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.

13. Elektron murojaatlar tushgan kunida qogʻozga bosib chiqarilishi, ish vaqti tamom boʻlgandan keyin tushgan taqdirda esa – navbatdagi ish kunida qogʻozga bosib chiqarilishi kerak.

14. Yozma va elektron (qogʻozga bosib chiqarilgan) murojaatlar Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini roʻyxatga olish jurnaliga tegishli yozuvlarni kiritish, ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha hisobga olish kartochkasini toʻldirish va murojaatning birinchi sahifasi quyi oʻng qismida roʻyxatga olish shtampini qoʻyish yoʻli bilan murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinmada roʻyxatga olinadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini roʻyxatga olish jurnalida murojaatning tartib raqami, murojaat qilgan jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, uning yashash joyi, yuridik shaxsning nomi, uning manzili, murojaatning qisqacha mazmuni, murojaat qabul qilingan sana, dublikat yoki murojaatlarning takroriyligi, nazoratga olinganligi toʻgʻrisidagi belgi, ijrochi etib belgilangan adliya organi tarkibiy boʻlinmasi nomi, sana koʻrsatilgan holda ijro etish toʻgʻrisidagi belgi koʻrsatiladi.

Qayd etish shtampida adliya organlarining rasmiy nomi (agar adliya organlarining rasmiy nomi uzun boʻlsa umumqabul qilingan qisqartirilgan nom yoki qisqartma koʻrsatilishi mumkin), murojaatning kelib tushgan sanasi va qayd raqami koʻrsatiladi.

Murojaatlarning tartib raqamlari har yil boshidan yangidan hisoblanadi.

15. Murojaat pochta orqali konvertda kelib tushganda konvertda murojaat va uning ilovalari borligi tekshiriladi.

Konvertda murojaatning mavjud emasligi yoki uning yaroqsizlanganligi, shuningdek murojaatda koʻrsatilgan ilovalarning yoʻqligi aniqlanganda ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ulardan biri murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinmada qoladi, ikkinchisi murojaat qiluvchiga konvertda koʻrsatilgan manzil boʻyicha joʻnatiladi.

Kelib tushgan murojaatlar konvertlari murojaat etuvchining manzilini, murojaatning joʻnatilgan va olingan vaqtini aniqlash uchun saqlab qolinadi.

16. Ogʻzaki murojaatlar bilan kelgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinmaning rahbari yoxud boshqa masʼul xodim, shuningdek adliya organi tarkibiy boʻlinmalarining (keyingi oʻrinlarda tarkibiy boʻlinma deb ataladi) rahbarlari yoxud boshqa masʼul xodimlari tomonidan qabul qilinadi.

Murojaat qiluvchining shaxsini tasdiqlaydigan hujjatlar tekshirilgandan keyin ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha hisobga olish kartochkasi toʻldiriladi. Hisobga olish kartochkasi ogʻzaki murojaat sifatida roʻyxatga olinadi.

17. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari adliya organlariga ogʻzaki murojaat etishganda ular tomonidan taqdim qilingan yozma murojaatlar hamda boshqa materiallar qabul qilinishi va ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq toʻldirilgan hisobga olish kartochkasiga biriktirilishi kerak.

Takroriy va dublikat murojaatlar devonxona tomonidan navbatdagi qayd etish raqami bilan roʻyxatga olinadi.

Takroriy murojaatning ustxat (fishka)ida kirim raqamidan soʻng qavs ichida takroiylik belgisi sifatida uning oldingi raqami ham qoʻyiladi (masalan, 100/3 (90/3ga).

Dublikat murojaatning ustxat (fishka)ida kirim raqamidan soʻng qavs ichida uning oldingi raqami ham qoʻyiladi (masalan, 100/3 (90/3).

18. Roʻyxatga olingan murojaatlar kelib tushgan paytidan boshlab bir ish kunidan kechikmay adliya organlari rahbarlariga yoki uning oʻrinbosarlariga kiritiladi, u masʼul tarkibiy boʻlinmani (xodimni) belgilagan holda murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha rezolyutsiyani (topshiriqnomani) qoʻyadi.

19. Rezolyutsiya (topshiriqnoma) qoʻyilgan paytdan boshlab bir ish kuni mobaynida murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma murojaatni ijro etuvchi sifatida belgilangan tarkibiy boʻlinmaga (xodimga) roʻyxatga olish jurnallariga imzo qoʻydirgan holda beriladi.

20. Adliya organlariga kelib tushgan murojaatlar adliya organlarining ish yurituviga qabul qilinishi, boʻysunish tartibida adliya organlarining quyi boʻlinmasiga (tashkilotga) (keyingi oʻrinlarda quyi organ deb ataladi) yuborilishi yoki tegishliligi boʻyicha boshqa davlat organlariga yuborilishi mumkin.

Bunda vazirlik markaziy apparatiga birinchi marotaba kelib tushgan va hal etilishi quyi adliya organlari vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha murojaatlar murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma yoki tegishli tarkibiy boʻlinma boshliqlari imzosi bilan adliya organlariga koʻrib chiqish uchun yuboriladi va bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

Vazirlik markaziy apparati tomonidan oʻrganish uchun yuborilgan murojaatlar quyi adliya organlari tomonidan topshiriq sifatida roʻyxatga olinadi va oʻrganish natijalari boʻyicha xulosa (topshiriq xatida koʻrsatilgan boʻlsa toʻplangan materiallar bilan) vazirlikka taqdim etiladi.

Vazirlik markaziy apparati tomonidan ijro uchun yuborilgan murojaatlar quyi adliya organlari tomonidan toʻliq koʻrib chiqilib, murojaat etuvchiga javob yuboradi va mazkur toifadagi murojaatlar adliya organlarining statistik hisobotida vazirlikdan kelib tushgan va koʻrib chiqilgan murojaatlar sifatida aks ettiriladi.

21. Qoʻyilgan masalalarni hal etish oʻzining vakolati doirasiga kirmaydigan adliya organlariga kelib tushgan murojaatlar besh kun muddatdan kechiktirmay adliya organlarining rahbari yoki uning oʻrinbosari tomonidan yohud tarkibiy boʻlinma (vazirlik markaziy apparati uchun) rahbarlari tomonidan ham imzolangan xat bilan tegishli organlarga yuboriladi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar qilinadi.

Murojaatni koʻrib chiqishi uchun asossiz ravishda boshqa davlat organlariga oʻtkazish yoxud qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan organlarga yoki mansabdor shaxslarga yuborish taqiqlanadi.

Agar murojaatlarda ularni tegishli organlarga yuborish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, u holda ular besh kun muddatdan kechiktirmay asoslantirilgan tushuntirish bilan murojaat qiluvchilarga qaytariladi.

22. Quyi adliya organlari tomonidan koʻrib chiqilishi kerak boʻlgan murojaatlar unga kelib tushgan kunidan boshlab besh kun muddatdan kechiktirmay xat bilan yoki adliya organlarining rahbari, uning oʻrinbosari yoki tarkibiy boʻlinma (vazirlik markaziy apparati uchun) tomonidan imzolangan topshiriq bilan birga yuborilishi, bu haqda murojaat qiluvchiga yozma yoxud elektron shaklda xabar berilishi lozim.

23. Agar murojaatda bir nechta tarkibiy boʻlinmaga tegishli masalalar mavjud boʻlsa, ularning barchasi murojaatni koʻrib chiqish boʻyicha ijro etuvchilar etib belgilanadi. Ijro etuvchilar orasida birinchi boʻlib koʻrsatilgan tarkibiy boʻlinma boshqa tarkibiy boʻlinmalar bilan birgalikda murojaat koʻrib chiqilishini taʼminlaydi.

24. Murojaatni toʻliq, xolis va oʻz vaqtida koʻrib chiqish uchun qoʻshimcha maʼlumotlar, maʼlumotnomalar va materiallarga zaruriyat yuzaga kelgan taqdirda murojaatni koʻrib chiquvchi tarkibiy boʻlinma murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan, shuningdek ushbu adliya organlarining vakolatlari doirasida – belgilangan tartibda boshqa davlat organlaridan qoʻshimcha axborotni soʻrab olishi mumkin.

25. Agar murojaatda joyning oʻzida oʻrganishni talab etuvchi holat bayon qilingan boʻlsa, shuningdek boshqa zarur hollarda murojaatni koʻrib chiquvchi adliya organlari murojaatni joyning oʻzida koʻrib chiqishni taʼminlashi mumkin. Murojaatni joyning oʻzida koʻrib chiqish adliya organlari rahbarlarining topshirigʻi yoki uning roziligi bilan amalga oshiriladi.

26. Murojaatni murojaat qilgan yoki boshqa shaxsning ishtirokisiz koʻrib chiqishning imkoniyati boʻlmaganda, ular adliya organlarining mansabdor shaxslari tomonidan chaqirilishi mumkin. Chaqirilgan murojaat qiluvchi kelmagan taqdirda adliya organlarining mansabdor shaxslari murojaatni uning ishtirokisiz koʻrib chiqish mumkin emasligi toʻgʻrisida javob yuboradi.

27. Agar murojaatda oʻrtaga qoʻyilgan masalalar xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga daxldor boʻlsa, ularning vakillari murojaatni koʻrib chiqishda ishtirok etish uchun adliya organlari tomonidan oʻz vakolatlari doirasida jalb etiladi.

28. Zarur hollarda murojaatlarni koʻrib chiqish uchun adliya organlari tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilishi mumkin.

29. Murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha adliya organlari tomonidan tegishli qaror qabul qilinadi, bu haqda darhol yozma yoxud elektron shaklda murojaat qiluvchiga xabar beriladi.

Murojaatni qoniqtirmasdan qoldirish toʻgʻrisidagi qarorni respublika ahamiyatiga molik adliya organlarida – vazir, uning oʻrinbosarlari; viloyat ahamiyatiga molik adliya organlarida – rahbar, uning oʻrinbosarlari; tuman va shahar ahamiyatiga molik adliya organlarida – rahbar qabul qiladi.

Murojaatga javob xatida murojaatda koʻrsatilgan har bir masala boʻyicha vajlarni rad etuvchi yoki tasdiqlovchi aniq asoslar (zaruriyatga qarab qonun hujjatlari normalariga havolalar qilingan holda) boʻlishi kerak.

30. Murojaatga javob xati adliya organlari rahbarlari yoki ularning oʻrinbosarlari yohud tarkibiy boʻlinmasi (vazirlik markaziy apparati uchun) rahbari tomonidan imzolanadi.

Murojaatlarga javob xati, mumkin qadar, murojaat etilgan tilda bayon qilinadi.

31. Jismoniy yoki yuridik shaxslar jamoa boʻlib murojaat qilgan taqdirda, ularning murojaatlari Qonun talablariga muvofiq koʻrib chiqiladi. Bunda murojaatga javob murojaat qilganlarning roʻyxatida birinchi boʻlib koʻrsatilgan shaxsga yoki, ularning talabiga koʻra, boshqa shaxsga yuboriladi.

32. Murojaat, unda koʻtarilgan barcha masalalar Qonun talablariga muvofiq koʻrib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda koʻrib chiqilgan hisoblanadi.

Murojaat qiluvchiga javob yuborilgan kun murojaatni koʻrib chiqish tugallangan kun hisoblanadi, bu haqda murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini roʻyxatga olish jurnaliga va hisobga olish kartochkasiga belgi qoʻyadi.

Oraliq javoblar berilgan va toʻliq koʻrib chiqilmagan murojaatlar ijrodan yoki nazoratdan olinmaydi.

Bunda, murojaat toʻliq koʻrib chiqilib, uning natijasida taʼsir chora (taqdimnoma, sudlarga daʼvo ariza va boshqalar) qoʻllanilgan hollarda murojaatni koʻrib chiquvchi tarkibiy boʻlinma bildirgiga asosan adliya organlari rahbarlari yoki ularning oʻrinbosarlari roziligi bilan ushbu murojaatni ichki nazoratga oladi.

33. Agar murojaatni koʻrib chiqish jarayonida murojaatning dublikati kelib tushsa, ushbu murojaat avval tushgan murojaat bilan birgalikda koʻrib chiqiladi hamda natijasi boʻyicha yagona javob beriladi.

Agar murojaatning dublikati murojaat koʻrib chiqilgan va javob yuborilgandan keyin kelib tushsa, u holda adliya organi murojaat qiluvchini bu haqda yozma ravishda xabardor qiladi.

34. Nazoratga olingan murojaat ushbu murojaatni nazoratga olgan rahbar yoki mansabdor shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinadi.

Bunda, Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatiga oid nazoratga olingan murojaatlar direktorning yozma axborotiga asosan vazir tomonidan ijro va nazoratdan olinadi.

35. Yuqori adliya organining nazoratida turgan murojaatlar boʻyicha murojaatni koʻrib chiqqan adliya organlari murojaat qiluvchiga yuborilgan javob xatining nusxasini ilova qilgan holda murojaatni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida yuqori adliya organiga yozma shaklda xabar beradi.

36. Jismoniy va yuridik shaxslar oʻz murojaatlarini ular koʻrib chiqilgunga qadar va koʻrib chiqilayotgan vaqtda murojaat yuzasidan qaror qabul qilingunga qadar yozma yoxud elektron shaklda ariza berish yoʻli bilan qaytarib olish huquqiga ega. Bunday ariza tushgan taqdirda murojaatni koʻrib chiqish toʻxtatiladi va uch kun mobaynida murojaat adliya organlarining xati bilan murojaat qiluvchiga qaytariladi.

Murojaatni qaytarib olish toʻgʻrisidagi ariza adliya organlari tomonidan qonun buzilishlarini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilishini istisno etmaydi.

37. Koʻrib chiqilgan murojaatlarni va ular bilan bogʻliq materiallarni saqlash murojaatni koʻrib chiqqan tarkibiy boʻlinmada ikki yil muddatgacha saqlanadi va bu muddat oʻtgach idoraviy arxivga topshiriladi.

III. Murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlari

38. Ariza yoki shikoyat masalani mazmuni boʻyicha hal etishi shart boʻlgan davlat organiga kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn besh kun mobaynida, qoʻshimcha oʻrganish va (yoki) tekshirish, qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilganda esa adliya organlari rahbarlari yoki ularning oʻrinbosarlari roziligi bilan bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi.

Ariza va shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, ularni koʻrib chiqish muddatlari tegishli adliya organi rahbari tomonidan, istisno tariqasida, koʻpi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.

39. Taklif adliya organlariga kelib tushgan kundan eʼtiboran bir oygacha boʻlgan muddatda koʻrib chiqiladi, qoʻshimcha oʻrganishni talab etadigan takliflar bundan mustasno, bu haqda taklifni kiritgan jismoniy yoki yuridik shaxsga oʻn kun muddatda yozma shaklda xabar qilinadi.

40. Ayrim hollarda adliya organlarining rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari yoki tarkibiy boʻlinma rahbarlari murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlarini qisqartirishlari mumkin.

41. Murojaatlar bilan ishlash muddatlari ular adliya organlariga kelib tushgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tegishli muddatning oxirgi kuni dam olish va bayram kunlariga toʻgʻri kelsa, navbatdagi ish kuni muddat tugaydigan kun hisoblanadi.

IV. Murojaatlarni koʻrmay qoldirish

42. Quyidagi murojaatlar koʻrib chiqilmaydi:

anonim murojaatlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar, ularning vakolatini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlmagan taqdirda;

qonunda belgilangan boshqa talablarga muvofiq boʻlmagan murojaatlar.

43. Murojaatni anonim deb eʼtirof etish murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma yoki murojaatni koʻrib chiquvchi tarkibiy boʻlinma tomonidan amalga oshiriladi.

Murojaat anonim deb eʼtirof etilganda bu haqda mazkur Nizomning 3-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq xulosa tuziladi. Xulosada murojaatni anonim deb eʼtirof etish uchun asoslar koʻrsatiladi. Murojaatni anonim deb eʼtirof etish toʻgʻrisidagi xulosa murojaatlar bilan ishlovchi boʻlinma rahbari yoki tarkibiy boʻlinma rahbari tomonidan tasdiqlanadi.

Adliya organlarining “ishonch telefonlari”ga tushgan murojaatlar Qonunda va ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda anonim deb eʼtirof etilishi mumkin.

Anonim deb eʼtirof etilgan murojaatlar xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab nazoratdan yoki ijrodan olinadi.

44. Jismoniy va yuridik shaxslarning vakillari orqali berilgan murojaatlar kelib tushganda, murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma yoki tarkibiy boʻlinma ularning vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjudligini tekshiradi.

Agar murojaatda jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud boʻlmasa, bu haqda murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinmaning rahbari yoki tarkibiy boʻlinma rahbari tomonidan tasdiqlanadigan xulosa tuziladi.

Jismoniy va yuridik shaxs vakilining vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlar mavjud emasligi toʻgʻrisidagi xulosa tasdiqlangan paytdan boshlab ushbu murojaat koʻrib chiqilmaydi, bu haqda murojaat qiluvchi yozma ravishda xabardor qilinadi.

V. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni tashkil etish

45. Adliya organlarida va ularning tarkibiy boʻlinmalarida belgilangan kunlar va soatlarda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tashkil etiladi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish adliya organlarining vakolatli shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.

46. Adliya organlarida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari ushbu adliya organlari rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga asosan qabul qilinadi.

Adliya organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish uchun alohida xona ajratiladi.

Qoida tariqasida, adliya organi rahbari qabuliga uning oʻrinbosari qaroridan norozi boʻlgan, adliya organi rahbari oʻrinbosari qabuliga tarkibiy boʻlinma rahbari qaroridan norozi boʻlgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilinadi.

Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari adliya organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari qabuliga kirish uchun oldindan yozilishi kerak.

47. Qabul qilish jadvallari va uni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek qabul qilish tartibi adliya organlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish, shuningdek ularning maʼmuriy binosida hamma kirishi mumkin boʻlgan joylardagi stendlarga yoki boshqa texnik vositalarga joylashtirish orqali manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkaziladi.

Jismoniy shaxs ogʻzaki murojaat etayotganda oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, yuridik shaxsning vakili esa - oʻz vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatni, shuningdek oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatishi kerak.

48. Murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma qabulga kelgan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilishni, shuningdek jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish bilan bogʻliq ishlarni tashkil etadi.

Bunda, adliya organlari rahbarlari va ularning oʻrinbosarlari qabulida boʻlgan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining yozma va ogʻzaki murojaatlari murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma tomonidan har biri uchun alohida yuritiladigan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish kitoblariga qayd etiladi.

Adliya organlari xodimlari tomonidan qabul qilingan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining yozma va ogʻzaki murojaatlari murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma tomonidan yuritiladigan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish kitobiga qayd etiladi.

Murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini qabul qilish kitoblariga qayd etilgan murojaatlarni roʻyxatga oladi va adliya organlari rahbariyatining rezolyutsiyasi (topshiriqnomasi) bilan tegishli tarkibiy boʻlinmalarga ijro qilish uchun beriladi.

49. Adliya organlarida jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma yoki tegishli tarkibiy boʻlinma xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.

50. Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiluvchi rahbar yoki vakolatli shaxsning koʻrsatmasi boʻyicha adliya organlarining boshqa xodimlari ham qabul qilish jarayoniga jalb etilishi mumkin.

51. Agar jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilish paytida murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish adliya organlarining vakolatiga kirmasligi aniqlangan taqdirda, ularga murojaatda bayon qilingan masalalarni hal etish uchun qaysi organga yoki tashkilotga murojaat qilish kerakligi tushuntiriladi. Bunda jismoniy shaxslarning va yuridik shaxslar vakillarining talabi bilan bu haqda yozma shaklda javob beriladi.

Jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish, agar ularning shunday xususiyatga ega boʻlgan ilgarigi murojaati boʻyicha qaror qabul qilingan boʻlsa va bu haqda ularga belgilangan tartibda xabar qilingan boʻlsa, rad etilishi mumkin.

52. Adliya organlarining rahbarlari yoki boshqa vakolatli shaxslari tomonidan sayyor shaxsiy qabullar tashkil etilishi mumkin.

53. Sayyor shaxsiy qabullar vaqtida murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinmaning rahbari va adliya organlarining boshqa masʼul xodimlari ishtirok etishi mumkin.

54. Sayyor shaxsiy qabullar adliya organlari rahbarlari tomonidan tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq oʻtkaziladi.

Zarur hollarda jadvalda nazarda tutilmagan sayyor shaxsiy qabullar oʻtkazilishi mumkin.

55. Sayyor shaxsiy qabullarni oʻtkazish vaqti, joyi hamda qabulga oldindan yozilish tartibi toʻgʻrisidagi axborot ushbu Nizomning 47-bandida belgilangan tartibda manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkaziladi, shuningdek mahalliy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

56. Jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining sayyor shaxsiy qabullar vaqtida berilgan ogʻzaki murojaatlari ushbu Nizomning 16-bandiga muvofiq rasmiylashtiriladi va roʻyxatga olinadi hamda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.

VI. Murojaatlarni koʻrib chiqishda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va adliya organlarining majburiyatlari

57. Murojaat adliya organlari tomonidan koʻrib chiqilayotganda jismoniy va yuridik shaxs murojaat koʻrib chiqilishining borishi haqida axborot olish, shaxsan vajlarini bayon etish va tushuntirishlar berish, murojaatni tekshirish materiallari hamda uni koʻrib chiqish natijalari bilan tanishish, qoʻshimcha materiallar taqdim etish yoki ularni boshqa organlardan soʻrab olish toʻgʻrisida iltimos qilish, advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega.

Jismoniy va yuridik shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq murojaatlarni koʻrib chiqishda boshqa huquqlardan ham foydalanadilar.

58. Adliya organlarining murojaatni koʻrib chiquvchi mansabdor shaxslari yoki boshqa vakolatli shaxslari:

jismoniy va yuridik shaxsga ularning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan, agar ularda davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi maʼlumotlar mavjud boʻlmasa, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlariga, erkinliklariga hamda qonuniy manfaatlariga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazmasa, tanishib chiqish imkoniyatini taʼminlashi;

murojaatni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan qabul qilingan qarorning ijrosini nazorat qilishi, shuningdek agar jismoniy yoki yuridik shaxsga uning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari buzilishi natijasida moddiy zarar yoki maʼnaviy ziyon yetkazilgan boʻlsa, qonunda belgilangan tartibda moddiy zararning oʻrnini qoplash yoki maʼnaviy ziyonni kompensatsiya qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishi;

murojaat etuvchiga koʻrib chiqish natijalari hamda qabul qilingan qaror haqida murojaat koʻrib chiqilganidan soʻng zudlik bilan yozma yoxud elektron shaklda xabar qilishi shart.

Murojaat yuzasidan qaror qabul qilgan adliya organlarining mansabdor yoki boshqa vakolatli shaxslari, agar jismoniy yoki yuridik shaxs qarorga rozi boʻlmasa, uning yuzasidan shikoyat berish tartibini tushuntirishlari shart.

VII. Murojaatlar koʻrib chiqilishini nazorat qilish.
Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish

59. Murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma tarkibiy boʻlinmalar tomonidan murojaatlar koʻrib chiqilishini doimiy nazorat qiladi va uning monitoringini olib boradi, ularning oʻz vaqtida va zarur tarzda koʻrib chiqilishini taʼminlash chora-tadbirlarini koʻradi.

Murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlari va tartibi tarkibiy boʻlinmalar tomonidan buzilishi toʻgʻrisida adliya organlarining rahbariyatiga darhol xabardor qiladi.

Murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma monitoring natijalari boʻyicha har oyda adliya organlari rahbariyatiga murojaatlar koʻrib chiqilishining holati toʻgʻrisidagi axborotni, zaruriyat boʻlganda, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, murojaatlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻygan adliya organi xodimlariga nisbatan javobgarlik choralarini koʻrish yuzasidan tegishli takliflar bilan birgalikda taqdim etadi.

60. Adliya organlari jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida har chorakda murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilishni taʼminlaydilar.

Tahlil natijalari boʻyicha murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinma yoki tarkibiy boʻlinma adliya organlari rahbarlariga adliya organlarida murojaatlarni koʻrib chiqishning qonuniyligini taʼminlash va samaradorligini oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek jamiyat va davlatning manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi.

VIII. Murojaatlarni koʻrib chiqish muddatlari va tartibi buzilganligi uchun javobgarlik

61. Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish va koʻrib chiqishni qonunga xilof ravishda rad etish, ularni koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga zid qaror qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari tiklanishini, murojaat munosabati bilan qabul qilingan qarorning bajarilishini taʼminlamaganlik, jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi yoxud yuridik shaxslarning faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ularning roziligisiz oshkor etish, jismoniy va yuridik shaxsni murojaat qilganligi munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqid uchun taʼqib qilish, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini boshqacha tarzda buzish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.

62. Qonun va ushbu Nizom talablariga rioya etishni taʼminlash uchun javobgarlik adliya organlari rahbarlariga va ularning oʻrinbosarlariga, murojaatlar bilan ishlash boʻyicha boʻlinmalar va tegishli tarkibiy boʻlinmalar rahbarlariga yuklanadi. 

кўчириб олиш


Axborotdan foydalanuvchilarning adliya organlarining  ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi

NIZOM

Mazkur Nizom Axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomning (roʻyxat raqami 2742, 2015-yil 22-dekabr) 3-bandiga muvofiq axborotdan foydalanuvchilarning adliya organlarining ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi tartibini belgilaydi.

1-bob. Umumiy qoidalar

1. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga asosan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchi hisoblanadi.

2. Mazkur Nizomda adliya organlari deganda, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tushuniladi.

3. Mazkur Nizom talablari adliya organlari tomonidan ochiq hayʼat majlisida ishtirok etish uchun taklif etilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.

4. Adliya organlari ochiq hayʼat majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir boʻlishi uchun sharoitlar yaratishi lozim.

5. Adliya organlarining hayʼat majlislari ochiq tarzda oʻtkaziladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

6. Adliya organlari axborotdan foydalanuvchilarning tanishib chiqishlari uchun binoning hamma kirishi mumkin boʻlgan xonalarida va (yoki) maxsus ajratilgan joylarida ochiq hayʼat majlislarini oʻtkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi loyihalari, ular oʻtkaziladigan sana, joy va vaqt hamda boshqa zarur axborotlar axborot stendlari va (yoki) shunday maqsad uchun moʻljallangan texnik vositalarga majlis oʻtkazilishidan kamida uch kun oldin joylashtirishlari shart.

2-bob. Axborotdan foydalanuvchilarning ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi

7. Axborotdan foydalanuvchi adliya organlarining ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlish uchun tegishli adliya organiga soʻrov bilan murojaat qiladi. Soʻrov “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim.

Axborotdan foydalanuvchining identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilmagan soʻrovlar anonim hisoblanadi va koʻrib chiqilmaydi.

8. Soʻrov kelib tushgan kuni u tegishli adliya organi tomonidan alohida maxsus jurnalda roʻyxatga olinadi va zudlik bilan koʻrib chiqiladi. Mazkur jurnal hayʼat masʼul kotibi tomonidan yuritiladi.

9. Soʻrovga asosan hayʼat masʼul kotibi axborotdan foydalanuvchini ochiq hayʼat majlisida ishtirok etuvchilar roʻyxatiga kiritadi hamda bu haqda axborotdan foydalanuvchiga maʼlum qiladi. Ochiq hayʼat majlisining oʻtkazilish sanasi, vaqti yoki joyi oʻzgargan taqdirda, bu haqda axborotdan foydalanuvchiga maʼlum qilinadi.

10. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kiritiladi.

11. Axborotdan foydalanuvchi ochiq hayʼat majlisiga kelmagan taqdirda, hayʼat masʼul kotibi tomonidan bu haqda maxsus jurnalga yozib qoʻyiladi.

12. Adliya organlari oʻz imkoniyatlaridan hamda axborotdan foydalanuvchilar sonidan kelib chiqib, ochiq hayʼat majlisi oʻtkaziladigan zalda axborotdan foydalanuvchilar uchun joy tayyorlaydi. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisi oʻtkaziladigan zalga maxsus jurnaldagi qayd etish ketma-ketligi asosida joylashtiriladi.

Axborotdan foydalanuvchilar sonining koʻpligi sababli, ularni ochiq hayʼat majlisi oʻtkazilayotgan zalga joylashtirish imkoni boʻlmagan taqdirda, ular ochiq hayʼat majlisining borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari mumkin boʻlgan xonaga joylashtirilishi mumkin.

13. Adliya organlari tomonidan oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisining borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari mumkin boʻlgan alohida xona jihozlab qoʻyilishi mumkin.

14. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisi boshlangunga qadar belgilangan joyga yetib kelishi, roʻyxatdan oʻtishi va belgilangan joyga oʻtirishi lozim. Axborotdan foydalanuvchilar raislik qiluvchi tomonidan majlis boshlanganligi eʼlon qilingandan soʻng kelgan taqdirda, kechikib kelgan hisoblanadi va hayʼat majlisiga qoʻyilmaydi.

15. Axborotdan foydalanuvchi tegishli adliya organi tomonidan tasdiqlangan ochiq hayʼat majlisining reglamentida belgilangan tartibda majlisda hayʼat aʼzolariga savollar bilan murojaat qilish huquqiga ega.

16. Axborotdan foydalanuvchi tomonidan hayʼat majlislari davomida hayʼat majlisi muhokamasiga taalluqli boʻlmagan va ushbu majlisda muhokama qilinmagan masalalar boʻyicha fikr-mulohazalar bildirilgan yoki savollar bilan murojaat etilgan taqdirda, unga mazkur masala boʻyicha axborot olish tartibi tushuntiriladi.

17. Axborotdan foydalanuvchi hayʼat majlisi oʻtkazilayotgan vaqtda tartibni buzmasligi shart. Axborotdan foydalanuvchi majlis oʻtkazilayotgan vaqtda tartibni buzgan taqdirda, raislik qiluvchi tomonidan ogohlantiriladi.

Axborotdan foydalanuvchi tartibni takroran buzgan taqdirda, u raislik qiluvchi tomonidan majlis oʻtkazilayotgan zaldan chiqarib yuboriladi. Mazkur holat yuzasidan hayʼat masʼul kotibi dalolatnoma tuzadi va dalolatnoma raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.

18. Axborotdan foydalanuvchilarga ochiq hayʼat majlisini fotosuratga, video tasvirga olishga, ovoz yozish vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

19. Hayʼat majlisi bayonnomasida ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlgan axborotdan foydalanuvchilarning ishtiroki haqida tegishli maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim.

3-bob. Yakuniy qoida

20. Mazkur Nizom talablarini buzgan adliya organlarining masʼul xodimlari belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar. 

кўчириб олиш


Axborotdan foydalanuvchilarning adliya organlari faoliyati toʻgʻrisida axborot olishga doir
soʻrovlarini qabul qilish va koʻrib chiqish
Reglamenti